Baxtiyor Rahmonov - Fevral-mart qo`shiq matni
Titroq novdalarda uyg`onar hayot,
Sarg`aygan qor kabi erib bitar dard.
Yashil tuyg`ulardan chayqalasan shod,
Fevral o`tib borar, yaqinlashar mart.
Musaffo ruhingni alqaydi qushlar,
Maysalar – hayotning shirin tillari.
Uyqungni to`ldirar eng go`zal tushlar,
Oyning nurlarini silar qo`llaring.
Kunlarning chiroyi ochilib borar,
Ochilib borasan kunlarday go`zal.
Ikki fasl sening ko`nglingga qarar,
Ko`nglingni avaylab qisqarar fevral.
Uning himmati keng toki sen borsan,
Yigirma sakkiz kun tanti sayyorga.
Kundan kun go`zalsan va baxtiyorsan,
Fevral bir juft kunin sochar bahorga.
Havasim sengadir, shodlik ortmoqda,
Sarg`aygan qor kabi erib bitar dard.
Mening yuragimdan fevral o`tmoqda,
Sening yuragingga kirib bordi mart.
Читать также
Комментарии (0)