Sherali Jo`rayev - Ey do’st qo`shiq matni

Ey do`st, {x2} ancha yo`lni yurib qo`ydik biz,
Yomonu yaxshini ko`rib qo`ydik biz,
Kelib bu dunyoda ne qilding desa,
Odamg`a odamlik qilib qo`ydik biz.

Kimlarga yoqmadik, kimlarga yoqdik,
Ishqning ummonida mavjlanib oqdik,
Habibim, dermu deb, termulib boqdik,
Qalbda ishq olovin yoqib qo`ydik biz.

Halolu poklikdan yiroqlab ba`zan,
His va ehtirosga to`lib yotdik biz,
Tumanlar, tumanlar ichinda tentirab oxir,
Iymon eshigini kelib ochdik biz.

Kimdir, kimdir yo`limizga g`ov bo`lmoq bo`ldi,
Kimdir, kimdir jonimizg`a chang solmoq bo`ldi,
Kimdir uyimizga o`t qo`ymoq bo`ldi,
Tavakkal Alloh, deb turib qo`ydik biz. {x2}

Kimdir, kimdir jonimizga chang solmoq bo`ldi,
Tavakkal Alloh, deb turib qo`ydik biz. {x2}

Yaxshilik yig`lab, so`ng kulganin ko`rdik,
Yomonning jazosin olg`anin ko`rdik,
Sotqinning sharmisor bo`lg`onin ko`rdik,
Haqning haqligini bilib qo`ydik biz. {x2}

Ey do`st, bu dunyoning poyoni yo`qdur,
Kim shohu kim gado, kim och, kim to`qdur,
Bunda kelganning hech ketgisi yo`qdur,
Ajib bir dunyog`a kelib qoldik biz. {x2}

Bunda kelganning hech ketgisi yo`qdur,
Ajib bir dunyog`a kelib qoldik biz. {x2}

Yomonlik oxiri zimiston tuman,
Yaxshilik oxiri go`zal bir chaman,
So`rsangiz chamansan va yoki tuman,
Ezgulik urug`in ekib qo`ydik biz.

Hotami toylarni Olloh ham sevar,
Mardlik ham nomardlik yonma-yon yurar,
G`irrom ham g`oliblik davosin qilar,
Bunga istehzoli kulib qo`ydik biz. {x2}

G`irrom ham g`oliblik davosin qilar,
Bunga istehzoli kulib qo`ydik biz. {x2}

Olamni yaratgan qodiri qudrat
Kimga qilich bermish, kimlarga hikmat,
Niyat shu – tirikmiz baholi qudrat,
Yaratganga qullik qilmoq bo`ldik biz. {x2}

Niyat shu – tirikmiz baholi qudrat,
Yaratganga qullik qilmoq bo`ldik biz. {x2}

Ey do`st, ancha yo`lni yurib qo`ydik biz,
Yomonu yaxshini ko`rib qo`ydik biz. (x2)

Комментарии (0)
Найти музыкальный трек, скачать его, получить тексты любимых хитов и даже посмотреть клип можно на музыкальном портале UZHITS.NET. Здесь собраны лучшие хиты Узбекистана.
По всем вопросам пишите на: [email protected]