Sardor Rahimxon - Otam ketdi qo'shiq matni
Xalq boshidan soya ketgan kuzmi bu, Rab?
Yolg`on desam, nahotki rost so`zmi bu, Rab?
Uzun-uzun ohlar ko`kka o`rlanadi,
Xalq otasin umri shuncha ozmidi, Rab?
Yetmish ikki tomirlarga motam yetdi,
Xalq boshidan – Haq qoshiga otam ketdi.
Butun elni yig`latgan kun qandayin kun?
Shum xabardan butun boshli millat mahzun.
Yurtim deya, xalqim deya qayg`urib, bir
Qayg`urmabdi otajonim o`zi uchun!
Olam uzra qandayin bir olam ketdi,
Xalq boshidan – Haq qoshiga otam ketdi.
Garchi, ajal o`z mo`ljali beomondir,
Endi diydor otam bilan ming armondir.
Cho`lponlarni boy bergani yetmasmidi?
O`zbek uchun buncha qattiq imtihondir?
Chorak asr yurt to`yida alam yetdi,
Xalq boshidan – Haq qoshiga otam ketdi.
Zor yig`laydi mahzungina O`zbekiston,
Jo`r yig`laydi mahzungina O`zbekiston,
Kuz pallasi boshin yerga egibgina,
Huvillaydi mahzungina O`zbekiston.
O`zbekiston suyangan chin odam ketdi,
Xalq boshidan – Haq qoshiga otam ketdi.
“E baraka topgur” degan so`zi qani?
Nigohlari iliq bo`lgan yuzi qani?
Shundayin bir gullagan, hur vatan qurib,
Bunda endi otajonim o`zi qani?
Aytar so`zi xalqi uchun malham ketdi,
Xalq boshidan – Haq qoshiga otajonim ketdi.
Endi senga sabr bersin, ona xalqim,
To`zim bersin, qadr bersin, ona xalqim.
Duo ayla, duo ayla shu zot uchun, yurtbosh uchun,
Nurga to`la qabr bersin, ona xalqim!
Ming-ming alam! Xalq tayanchi, daldam ketdi,
Xalq boshidan – Haq qoshiga otam ketdi.