Tohir Mahkamov - Hayot qo'shiq matni
Hayot – o`rmon tulkisi,
 Och bo`riga o`xshaydi.
 Tiz cho`kib yo`lbarslari,
 Najot so`rab yig`laydi.
Hayot – hayot, odamlar
 Goh odamga o`xshamas.
 Xokisor qalb yig`laydi,
 Yetim nolon to`xtamas.
Hayot – osmon yulduzi,
 Armon deydi eskilar.
 Shohni ham, gadoni ham,
 Mehmon deydi eskilar.
Hayot – karvon uyasi,
 Sahrodan suv so`raydi.
 Sabrning kosasiga
 O`rgimchak to`r o`raydi.
Hayot – sharob, quyilib,
 Kayf yarmida tugaydi.
 Bag`irlar kabob bo`lib,
 Kir ko`rada tutaydi.
Hayot – bevafo go`zal,
 Hech kimga qilmas vafo.
 Bandang bilib bandangni,
 Asragin qodir, Xudo.
Hayot – bekat, keladi
 Va ketadi qanchalar.
 Kimdir mag`rur yashaydi,
 Kimdir ostona yalar.
Hayot – achchiq haqiqat,
 U kimga ham yoqardi.
 Haqni haq bilganlarning
 Go`rda sochi oqardi.
Читать также 
				Комментарии (0)
				
