Tohir Mahkamov - Ona (monolog) qo'shiq matni

Siz bu qo`shiqni eshitgansiz. Lekin bu safar ushbu qo`shiq Shahriniso onamizga bag`ishlab aytilayapti. Ilohim, joylari jannatda, ruhlari shod, oxiratlari obod bo`lsin.
Bu yolg`onchi dunyoda insonni ikki donagina chin do`sti bo`lar ekan. Bittasi Alloh, ikkinchisi o`sha sizu bizni yorug` dunyoga keltirgan onalarimiz. Alloh bizning ruhimizga parvona bo`ladi. Onalarimiz-chi? Onalarimiz hali tug`ilmasimizdan to o`zlari qabrga ketgunlariga qadar boshimizda parvona bo`ladilar.
Ilohim, o`tganlarini Alloh o`z rahmatiga olsin. Tiriklarining umrlarini ziyoda qilsin. Yaxshi kunlarda, to`ylarda qo`llarini duoga ochib turganlarini ko`rish ko`p yillar nasib etsin.
Oqibat degan gap bor dunyoda. Lekin oqibat bilan oqibatning ham farqi bo`lar ekan. Ona farzandiga beminnat oqibat qilar ekan. Farzandim mendan keyin qolsin, unib o`ssin, deb oqibat qilar ekan. Lekin farzandning oqibati omonat oqibat bo`lar ekan. Minnatli oqibat bo`lar ekan. Bugun bor, ertaga ko`ramanmi yo`qmi, kel, endi ikki og`iz yaxshi gapimni ayamay, deb oqibat qilarkanmiz. Bugun kelib, ertaga ketguvchi mehmonga qilgandek oqibat qilarkanmiz.
Agar so`zlarimdan ko`nglingiz ranjigan bo`lsa, shu so`zlarimning isbotini borib qabristondan ko`ring. Hattoki o`sha qabr toshlariga ham jimjimador qilib minnat bilan yozib qo`yilibdi: “Aziz farzandlaringizdan esdalik(!)”. Qarang, hattoki shu qabr toshini ham minnat bilan qo`yarkanmiz. Uni biz qo`ydik deb qo`yarkanmiz: “Aziz farzandlaringizdan esdalik(!)”. Dunyoning yolg`onligini, dunyoning omonatligini, dunyoning bor-yo`g`i besh kunlikligini isbotlab ketgan insonga siz bilan mening esdaligimni nima keragi bor? “Aziz farzandlaringizdan esdalik(!)”.
Gohida shu chin do`stimizning ham qadriga yetamiz, gohida yo`q. Gohida yarim tunda uyimizga kelamiz. Darvozani astagina ochib, hech kimga bildirmay kirib ketamiz deymiz. Lekin bizni kutib o`tirgan bedor onaizor kelganimizni qadam tovushlarimizdan emas, qalbi orqali sezadilar. Bir og`izgina, bor yo`g`i bir og`izgina so`z aytadilar: “Bolam, keldingmi?” Gohida mana shu bir og`izgina so`z ham bizga og`ir botib ketadi. “Ha, onajon, keldim. Yosh bolamasman-ku(!) Uxlayversangiz bo`lmaydimi?”, – deymiz.
Ey, azizlar, o`sha onaizor manguga uxlab qolganlaridan keyin ona yotgan o`sha g`aribgina kulbaning g`aribgina derazasi tagidan ming marta u yoqqa o`ting, ming marta bu yoqqa o`ting, tunda o`ting, tongda o`ting, o`sha nido eshitilmas ekan: “Bolam, keldingmi?”
Hovlimizni to`ldirib to`ylar qilamiz, kazo-kazolarni chaqiramiz, oldiga borimizni ayamay to`kib solamiz. Lekin ikkala ko`zimiz, ikkala qulog`imiz, vujudimiz, borlig`imiz o`sha derazaga tikilgan bo`ladi. O`sha tanish chehra ko`rinarmikin, o`sha nido qayta eshitilarmikin?: “Bolam, keldingmi?”
Taqdirning taqozosi bilan yillar o`tib, yana o`sha darvoza oldiga yarim tunda kelamiz. Berk darvoza oldida to`xtab qolamiz. Sababi esa oddiygina: O`sha topganimizni qo`liga qo`shqo`llab topshirganimiz – farzandlarimiz ham, jonimizdan ortiq ko`rgan sevgan yorlarimiz ham bizni yarim tunga qadar, tongga qadar kutib o`tirishga toqatlari yetmay, uxlab qolar ekan. Ana o`shanda qalbimiz uyg`onib qoladi, ana o`shanda vijdonimiz uyg`onib qoladi. Ana o`shanda qo`llari qadoq mehribonimizni sog`inib-sog`inib ketamiz...

Ko`zimda yosh, qalbimda tobut,
Zirqiraydi tanam uzra jon.
Ona, uzoq kutdirmayman, kut
Mahshargacha hayr, onajon.

Azobimga yelkangni tutding,
Dardlaringga topmadim imkon.
Meni o`ylab o`zni unutding,
Mahshargacha hayr, onajon.

Sen yo`q, qaro bo`ldi osmonim,
Ko`nglim vayron, yuragim vayron.
Ko`ksimdagi buyuk armonim,
Mahshargacha hayr, onajon.

Комментарии (0)
Найти музыкальный трек, скачать его, получить тексты любимых хитов и даже посмотреть клип можно на музыкальном портале UZHITS.NET. Здесь собраны лучшие хиты Узбекистана.
По всем вопросам пишите на: [email protected]