O‘zbek rejissorining “Quduq” filmi Qozondagi musulmon kinosi festivalida namoyish etiladi
XI Qozon xalqaro musulmon kinosi festivalining saralash komissiyasi 700 dan ortiq filmni ko‘rib chiqib, festivalning tanlov dasturida qatnashishi uchun 25 davlatning 50 ta kinolentasini tanlab oldi, deya xabar bermoqda “RIA Novosti” tashkiliy qo‘mitaga tayanib.
Asosiy “To‘liq metrajli badiiy film” tanlov nominatsiyasiga o‘zbekistonlik rejissor Mansur Vasatiyning “Quduq” filmi ham kirdi. Unga Qirg‘iziston, Turkiya, Tojikiston, Iroq, Eron, Hindiston, Rossiya va boshqa davlatlar filmlari raqobatchilik qiladi.
Dasturga muallifning diniy e’tiqodidan qat’i nazar, tinchlikparvarlik, diniy bag‘rikenglik va gumanizm g‘oyalariga ega bo‘lgan hamda umuminsoniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlar va madaniy an’analarni aks ettiruvchi filmlar saralab olinadi.
Eslatib o‘tamiz, to‘g‘rilik, halollik, lafz, oriyat, hamiyat, mehnatsevarlik kabi chin insoniy fazilatlar haqida hikoya qiluvchi “Quduq” filmi G‘afur Shermuhammad ssenariysi asosida postanovkachi rejissyor Mansur Abduxoliqov, postanovkachi operator Umid Malikov tomonidan suratga olingan. Postanovkachi rassom – Bektosh Rajabov. Bosh rollarni Muhammadiso Abdulhayirov, Lola Eltoyeva, Abduxalil Mingnorov, Yulduz Hamidova, Farhod Xudoyberdiyev ijro etgan.
Manba: daryo.uz