Bred Pitt Anjelina Joliga uch nafar suriyalik bolani asrab olishga ruxsat bermadi
Anjelina Jolining turmush o‘rtog‘i, amerikalik aktyor Bred Pitt rafiqasining uch nafar suriyalik bolani asrab olish istagini qo‘llab-quvvatlamadi. Ammo ular suriyalik bir bolani asrab olish bo‘yicha yakdil fikrga keldi. Bu haqda “Nur.kz” xabar bermoqda.
BMTning qochoqlar bo‘yicha ezgu niyat elchisi bo‘lgan Joli qochoqlar lageriga safarlaridan birida uch nafar suriyalik aka-uka yetimlarni uchratgan. Ulardan biri aktrisaga otasini harbiylar olib ketgani, onasi esa bomba portlashida halok bo‘lganini hikoya qilib bergan. AQShga qaytganidan so‘ng Joli oilaga yetim bolalarning barchasini olishga turmush o‘rtog‘ini ko‘ndirmoqchi bo‘ldi, ammo Pittga bu fikr uncha ma’qul kelmadi. Shunday bo‘lsa-da, ular bir nafar suriyalik bolani asrab olishga qaror qildi.
“Bu jarayon uzoq muddatga cho‘zilib ketdi, — deya hikoya qiladi oilaning yaqinlaridan biri. — Bolani AQShga olib kelish uchun yana to‘rt-besh oy talab etiladi”.
Eslatib o‘tamiz, Joli va Pittning uch nafar o‘zlarining va yana shuncha asrab olgan bolalari, jami olti nafar farzandi bor.