Ramzan Qodirov yo‘l qoidalarini buzuvchilarning mashinalarini sotishni talab qildi
Checheniston rahbari Ramzan Qodirov respublika hukumati a’zolari, parlamenti deputatlari, tumanlar va aholi punktlari rahbarlari, IIV rahbariyati va diniy arboblar bilan uchrashuvda yo‘l harakati qoidalarni buzuvchilardan tegishli jarimani bir soat ichida to‘lashni talab qildi, deb xabar bermoqda Meduza.
Ushbu talab bajarilmasa, qoidabuzarning mashinasi jarima maydonchasiga jo‘natiladi. Qoidabuzar jarima to‘langani haqidagi kvitansiyani bir sutka ichida taqdim etmasa, uning avtomobili sotuvga qo‘yiladi.
Chechenistonda ushbu yig‘ilish chaqirilishiga 9-avgust kuni Gudermes shahri yaqinida “Kavkaz” federal trassasida sodir bo‘lgan yirik yo‘l-transport hodisasi sabab bo‘ldi. Yo‘lda to‘rtta mashina to‘qnashishi oqibatida 7 kishi halok bo‘ldi, ikki kishi jarohat olib, shifoxonaga yotqizildi.
Manba: daryo.uz